Asslomu alaykum azizlar! Omonmisiz? Horib tolmasdan ilm olayapsizmi?! Yashang!
Charchamang. Shundoq davom etavering. Avvalo,Sizlarni bezovta qilganim uchun uzr so’rayman. Aybga
buyurmaysizlar endi, bir savol tug’ilib qolgandi... shunga haddim sig’ib sizlardan
maslahat olay dedim. Yana nima balolarni boshlab yuribdi ekan bu bola dersiz?!
Hozir, biroz shoshmang, hammasini bir boshidan tushuntiraman.
Hammangiz maktabda, kollejda qolaversa Oliy
ta’lim muassasalarida adabiyot, tarix,falsafa, pedagogika-psixologiya kabi
darslarni o’tgansiz. Aminman-ki shunday dars paytlarida o’qituvchingiz sizga
bizning buyuk bobokalonlarimiz haqida zavq-u shavq bilan gapirib berganlar.
Yaqinda bir darsda o’qituvchi “ Biz dunyo sivilizatsiyasiga beshik vazifasini o’taganmiz”, “Bizning “Uyg’onish davri”mizda G’arb hali g’aflat uyqsidan
uyg’onmagan edi”, “Ular darslik qilib o’qiyotgan Beruniy ham, Ibn Sino-yu
Ulug’bek ham bizniki, tojikniki ham emas, qozoqniki ham emas,O’zbeklarniki”.
Hammasi yaxshi ketayotgan edi shu birgina “...tojiknki ham emas, qozoqniki ham
emas,O’zbeklarniki!” degan jihati sal noo’rin bo’ldi nazarimda. Nega deysizmi?!
Ular rostdan ham bizniki-ku deysizmi?!
Unda eshiting.
Keyingi vaqtlarda “meros talashish” degan
bir narsa paydo bo’ldi. O’zbeklar go’yo Ibn Sinoni “o’zlariniki” qilib olgan
emishlar. Tojik kim-u, o’zbek kim? Qondosh-jondosh, yor-birodar xalqlarku.
“Qo’ynidan to’kilsa-qo’njiga”degan gap bor. Albatta. Muruvvat ikki tomonlama
bo’ladi. Xo’sh, Ibn Sinoni o’zbeklarniki deb aytilsa, tojik birodarlarmiz ham
undan “mahrum” bo’lib qolmaydilar-ku. Mantiq shuni taqozo qilmaydimi?
Haqiqatdan ham, ming yillar ilgari yashab ijod etgan buyuk mutafakkirlar, xoh
Abu Rayhon Beruniy bo’lsin, xoh Abu Ali ibn Sino bo’lsin,shuningdek,Abu Nasr
Farobiy, Muhammad al-Xorazmiy, al-Farg’oniylar o’z “pasport”lariga yoki
“tarjimai hol”lariga “men-o’zbekman” yoki “men –qozoqman”, “men-tojikman” deb
yozmaganlar.
-U zamonlarda
O’rta Osiyoda “milliy chegaralanish” o’tkazilmaganda deysizmi?
-Agar ular, bir
zamonlar kelib o’z avlodlari bu qadar “milliylashib”, mayda-chuydalashib
ketishini bilganlarida...gap boshqa edi.
-Rost-da. Qardosh
xalqlar bir-birlari bilan bu tariqa “meros talashib” yursalar, bu narsa
oxir-oqibatda xalqimizning hamdo’stligiga...
-Buyuk
ajdodlarimiz xotirasiga ham!..
-Munosib ish
bo’lmaydi.
-Bunday raqobat
va ig’vogarlik, gij-gijlash azaliy do’st-birodar xalqlarimizni, ularning
do’stlarini ranjitadi...
-Suvni
loyqalatib, baliq ushlamoqchi bo’lgan g’animlarning tegirmoniga suv quyadi
holos.
-Oltmishinchi yillarning
o’rtalarida bu matafakkir va mutafannin olimlarimizni “o’rta osiyolik
olimlar”deb atashga kelishib olingan edi-ku deysizmi?
-Menimcha, shu
birdan-bir to’g’ri qaror. Negaki, Beruniy, Ibn Sino, al-Farobiy, al-Farg’oniy,
al-Xorazmiy, Ahmad Yassaviy va boshqalar butun O’rta Osiyo xalqlariga...
-Nainki O’rta
Osiyo,boringki, butun dunyo xalqlariga yetib ortadi. Qiziq-da: butun
Yevropaning eng nufuzli oliy maktablarida Ibn Sinoning “Qonun fit-tib” asari
olti asr mobaynida tibbiyot ilmidan asosiy darslik sifatida o’qitib kelingan
ekan, mazkur asarni ular ‘bu kimniki”-deb surishtirib o’tirmay, allaqachon
o’zlariniki qilib olib, o’zlashtirib bo’lganlar. Biz bo’lsak,butun, o’zimizga
batamom sodiq qolgan holda, Sino o’zbekmi yoki tojikmi deb “masala” talashib yuribmiz.
Chindan-da, inliz Isaak Nyuton-kimniki? U
“Ulug’ Britaniya tortishish qonuni” emas, balki butun olam tortishish
qonunini kashf etgan. Demak: Nyuton
dunyo olimi.
O’rta osiyolik mutafakkirlar ham muayyan
milliy chegarada yashagan fuqaroni emas, balki arabu ajam, forsu xitoy, hindu turkni o’rgandilar... Zamin,
osmon, havo, suv, sayyoralarni tadqiq etdilar. Binobarin, ular milliy emas,
balki miqyosni butun Sharqu G’arb darajasida kengaytirgan jahoniy olimlar
edilar, deyilishga to’la ma’naviy asos bor.
Miqyosni muayyan bir millat yoki, ehtimol,
qabila, urug’lar qadar toraytirib emas, balki umuminsoniy mishtarak manfaatlar
qadar kengaytirib munosabatda bo’lsak, bu mantiqqa ham, tarixga ham, insofga
ham mos ish bo’ladi.
Aks holda kulguga qolamiz.
Albatta, biz
butun O’rta Osiyo xalqlari, jumladan o’zbeklar, tojiklar, qozoqlar,turkmanlar,
qizg’izlar, yagona manfaat yo’lida birlashgan butun mamlakatimiz xalqlari,
qolaversa,butun arab va ajam qavmlari barchasi o’zlarini o’sha ming yillik
merosga daxldor deb bilsalar, ne ajab? Vorisiylik tuyg’usi, jug’rofiy va
tarixiy haqqoniyat ham shuni taqozo etadi. Bas, biz bugun muhokamani
“merosxo’rlik muammosi”ga qaratgandan ko’ra,ularning yo’qolgan qimmatbaho
asarlarini qidirib topish, topilganlarini esa tojik, o’zbek, qozoq va hokazo
tillarga to’kis tarjima qilib, o’rganib, o’zlashtirib, chinakamiga o’zimizniki
qilib olish ustida qiyin amaliy ishlarni boshlashimiz kerak. Siz nima deysiz do'stim?!
G'aybulloh as-Salom meroslaridan foydalanildi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий